Markaz tarixi
Allergologiya faniga Respublikamizda 20 asrning oltmishinchi yillaridan soʻng asos solina boshlangan.
Oʻzbekistonning allergolog olimlari Qoraqalpogʻiston xamda viloyatlarda bolalar va katta yoshdagi insonlar oʻrtasida allergik kasalliklar tarqalishining hududiy xususiyatlarini aniqladilar (T.B.Yeshanov, L.Ya.Sjbova, N.G.Alayeva, M.D.Daljanov). Shuningdek, hududiy choʻl changi, sanoat va hashorat allergenlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydilar (M.M.Haqberdiyev, S.A.Zaxvatkina, N.V.Susina). Katta yoshdagi bemorlarda atopik bronxial astma va pollinozlarning klinik kechish hususiyatlarini oʻrganish uchun tashxis usullari ishlab chiqildi (O.A.Nazarov, E.I. Salimov va boshqalar). Oʻzbekistonda allergologiya fanini rivojlantirishda oʻzining munosib hissasini qoʻshgan yirik olimlardan biri Oʻrta Osiyo meditsina pediatriya institutining (SAMPI) patologik fiziologiya kafedrasi mudiri professor M.M.Xaqberidiyev Oʻzbekistonda hududiy allergenlar, choʻl changlari, sanoat va hashorot allergenlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi va amalda qoʻllashni tavsiya etdi. Professor M.M.Xaqberdiyev rahbarligida 5 ta fan doktori va 47 ta fan nomzodi ilmiy dissertatsiyalari himoya qilindi.
1973-yilga kelib O.A.Nazarov tomonidan Oʻzbekiston sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tekshirish instituti qoshida ilk bor allergologik kabinet tashkil etildi.
1975-yilda “Allergologiya boʻlimi” faoliyat yurita boshladi.
1978-yilga kelib Respublika Allergologiya markazi taʼsis etildi.
1992-yili “Respublika Allergologiya markazi” prezident farmoniga koʻra “Respublika Ilmiy Ixtisoslashtirilgan Allergologiya Markazi” deb nomlandi, xamda markaz direktori etib professor O.A.Nazarov tayinlandi.
1992-yili nafaqat Respublika, balki Oʻrta Osiyo miqyosida ilk bor II Toshkent davlat meditsina instituti qoshida klinik allergologiya kursi tashkil etildi. Kurs rahbari etib, O.A.Nazarov tayinlanadi.
1994-yilda O.A.Nazarovga “Allergologiya va immunologiya” ihtisosligi boʻyicha “professor” ilmiy unvoni berildi. Olim rahbarligida 12 ta tibbiyot fanlari nomzodi va 6 ta tibbiyot fanlari doktori tayinlandi. Markazda turli hildagi allergik kasalliklarga erta tashxis qoʻyish usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish, bemorlarni va oila aʼzolarini “Allergiya va astma” maktablarida oʻqitish, bemorlarni kasallik ilk rivojlanayotgan bosqichlarda birlamchi profilaktika qilish usullariga oʻrgatish kabi ishlar olib borilgan.
Shuningdek, markazimizda koʻp yillar davomida Raximova M.R., Poʻlatova A.T., Gʻoyibova S.Gʻ., Nizomov Q.F. kabi tajribali shifokorlar oʻz faoliyatlarini yuritib kelmoqdalar.
Razikova Ilmira Sadullayevna 1987-yildan markazda klinik ordinator sifatida o’z ish faoliyatlarini boshlaganlar.
1993-yilda ilk bor ochilgan klinik allergologiya kursi assistenti sifatida o’z faoliyatlarini davom ettirdilar.
Razikova I.S. 1997-yilda “Yangi biostimulyator Stimusolning farmakologik tekshiruvlari. 140016. «Farmakologiya» mavzusida nomzodlik xamda 2003-yilda «Oʻsmirlarda atopik bronxial astma kechishining klinik-immunologik xususiyatlari va davolash usullarining optimal differensial dasturini ishlab chiqish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilganlar. Doktorlik ishi oʻta dolzarb muammo oʻsmirlik astmasiga qaratilgan boʻlib, materiallarni butun Respublika boʻylab yig’ganlar. Oʻsha paytda Oʻzbekiston oʻsmirlar markazi, Yangi ToshTI klinikasi qoshidagi oʻsmirlar markazi bilan muntazam ishlab, oʻsmirlar astmasi bilan ogʻrigan bemorlar uchun majmuaviy davo va profilaktik usullari sxemasini yaratganlar va amaliyotga tadbiq etganlar.
2003-yilda Toshkent ikkinchi tibbiyot instituti rektori tavsiyasiga koʻra tashkil etilgan «Oliy maʼlumotli xamshira» fakultetining kafedra mudiri etib tayinlandilar va 2018-yilga qadar kafedrani boshqardilar.
2023-yil noyabr oyidan boshlab Respublika Ilmiy Ixtisoslashtirilgan Allergologiya Markazi — Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi bo’lib tubdan tashkil topdi.
Xozirgi kunga qadar professor Razikova Ilmira Sadullayevna Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni Saqlash Vazirligi Bosh allergolog mutaxassisi, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi rahbari, Toshkent tibbiyot akademiyasi allergologiya, klinik immunologiya va xamshiralik ishi kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqdalar, shuningdek 2018-2020-yillar mobaynida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti klinik allergologiya va immunologiya kursi mudiri lavozimida faoliyat yuritganlar.